Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Xolesterin – insult va infarktning asosiy sababchisi…mi?!

Ko’pchilik katta yoshli insonlar hayotda bir marta bo’lsa-da, shifokordan “qoningizda xolesterin miqdori oshgan” degan so’zni eshitgan.

Xo’sh, xolesterin o’zi nima? Uning organizmga qanday zarari bor? Foydasichi?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova batafsil javob berdi.

— Xolesterin — tananing me’yoriy faoliyati uchun zarur bo’lgan lipid (yog’) hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uning 80 foizga yaqini organizmning o’zida ishlab chiqarilsa, qolgan 20 foizi tanaga tashqaridan oziq-ovqat bilan kiradi.

Bu modda gormonlar ishlab chiqarish, hujayra devorlari mustahkamligini ta’minlash, D vitamini va safro kislotalari sintezida ishtirok etish hamda miyada xotiraga ta’sir qiluvchi aloqalarning shakllanishida qatnashadi.

Shuningdek, hujayra membranalarida uglevodorodlarning kristallanishiga yo’l qo’ymaydi va yog’da eruvchi vitaminlar (A, D, E, F, K)ning organizmga kirishi uchun zarur manba hisoblanadi.

Biroq, ba’zida organizmdagi turli to’qimalar va aksariyat qon tomir devorlarini xolesterin qatlamlari qoplab oladi. Bu esa salomatlikda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Xolesterin odatda ikki asosiy turga ajratiladi: ya’ni xalq tilida “yomon” va “yaxshi” deb ataladigan past va yuqori zichlikdagi lipoproteinlardir.

Past zichlikdagi lipoproteinlar butun organizmda aylanib, uning yuqori darajasi “yomon xolesterin” deyiladi. U stenokardiya, yurak toj tomirlari kasallanishi, insult va infarkt kabi jiddiy xastaliklarning sababi bo’lgan ateroskleroz rivojlanish xavfini oshiradi.

Ikkinchi tur – yuqori zichlikdagi lipoproteidlar esa “yaxshi xolesterin” hisoblanib, uning yuqori kontsentrasiyasi, aksincha, avval sanab o’tilgan kasalliklar rivojlanish xavfini kamaytiradi. Qayd etish kerak, har ikki turdagi xolesterin ham organizm uchun juda zarur va asosiy nuqta ularning nisbatiga bog’liq.

Ammo, qonda uning miqdori ortishi noxush alomat hisoblanadi. Buni esa ko’krak qafasia og’riq va siqilish, harakat paytida oyoqlarda og’riq, yurak sohasida noxushliklar, ko’z atrofida sarg’ish dog’lar paydo bo’lishi va yurak etishmovchiligiga xos belgilar orqali bilish mumkin.

Agar organizmda xolesterinni pasaytirish choralari ko’rilmasa, bora-bora aksariyat qon tomirlari devorlarida uning pilakchalari yuzaga keladi.

Ko’pchilik tanada uning miqdori ko’payish sabablari bilan qiziqadi. Bu, eng avvalo, noto’g’ri ovqatlanish, ayniqsa, taomlar tarkibida yog’ning ko’p miqdorda bo’lishi bilan bog’liq. Shuningdek, kamharakatlik, ortiqcha vazn, semizlik, tamaki chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo’yish ham mazkur muammoni paydo qilishi mumkin.

Shu bois organizmga zarur bo’lgan yuqori zichlikdagi xolesterin darajasini oshirish uchun kunlik rasionda to’yinmagan yog’lar (yong’oq, o’simlik moylari, yog’li dengiz baliqlari, avokado, zig’ir urug’i), kletchatkaga boy mahsulotlar (sabzavot, meva, makaron) bo’lishi va sport bilan muntazam shug’ullanish lozim.

Yomon xolesterinning me’yorda bo’lishi uchun esa kaloriyani oshirmaslik, shirinliklar va trans yog’larga boy oziq-ovqatlarni ortiqcha iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.