
“Tibbiyotda 90 kunlik o’zgarishlar vaqti” dasturining maqsadi nima?
Keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyoti izchil yangilanmoqda. Buni birgina “tibbiyotda 90 kunlik o’zgarishlar vaqti” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ezgu sa’y-harakatlar ham tasdiqlaydi.
Avvalo, Prezidentning joriy yil 19 maydagi “Respublikada sog’liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni va uning ijrosiga qaratilgan qarorida ushbu dastur bilan bog’liq aniq vazifalar belgilab berilganini aytish zarur.
Xo’sh, “tibbiyotda 90 kunlik o’zgarishlar vaqti” dasturining asosiy maqsad-muddaosi nimalardan iborat?
So’z yuritilayotgan hujjatlardan kelib chiqib aytadigan bo’lsak, dastur orqali 2025 yil 1 iyundan boshlab qisqa muddatda tibbiyot muassasalarida aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning sohaga bo’lgan ishonchini orttirish maqsad qilingan.
Bu boradagi vazifalar quyidagilardan iborat:
tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, o’rindiqlar bilan ta’minlanadi;
qulay ro’yxatxonalar tashkil etiladi;
onlayn qabulga yozilish imkoniyatlari kengaytiriladi;
aholi, bemorlar va nogironlar harakatlanishlari uchun qulayliklar yaratiladi;
“Ona va bola” xonalari tashkil qilinadi;
xonalar va yo’laklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi;
sanitariya-gigiena xonalari ta’mirlanib, shaxsiy gigiena vositalari bilan ta’minlanadi;
tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholi va bemorlar uchun qulayliklar yaratish imkonini beruvchi boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.
Qolaversa, dasturda tibbiyot xodimlari ish samaradorligini oshirish, keraksiz, byurokratik jarayonlarni aniqlash, tibbiyot xodimlari va aholini maqsadsiz vaqt yo’qotishiga olib keladigan byurokratik tartib-qoidalarni qisqartirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar ham ko’zda tutilgan.
Ko’rinib turibdiki, maqsad aniq, vazifalar ham. Albatta, ularning izchil ijrosi soha islohotlarini yangi bosqichga ko’tarishga zamin yaratadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.