
Tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi tahlil qilindi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali majlislar zalida tibbiyot tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.
Unda Sog’liqni saqlash vaziri A. Xudayarov, Bosh prokuror o’rinbosari S. Samatov va Namangan viloyati prokurori u. Madrahimov ishtirok etdi.
Shuningdek, yig’ilishda viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari hamda barcha davolash-profilaktika muassasalari mas’ullari qatnashdi.
Dastlab, vazir Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar, xususan, aholini tibbiyotdan rozi qilish, sohada qonunbuzarlik holatlariga qarshi kurashni yanada kuchaytirish borasida to’xtalib o’tdi.
Ta’kidlanganidek, bugun sohada korrupsiyaning oldini olish yuzasidan keskin choralar ko’rilmoqda. Jumladan, vazirlikda “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo’limi” tashkil etildi. Tibbiyot muassasalarida yagona elektron axborot tizimi — DMED joriy qilindi.
Qolaversa, Situasion markaz faoliyati yo’lga qo’yilishi sohada byudjet mablag’larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya risklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qilmoqda. Biroq bu yo’nalishda hali qilinadigan ishlar talaygina.
Shu bois vazir sohada raqamlashtirish ishlarini kuchaytirgan holda tizimda uchrayotgan ayrim korrupsiyaviy holatlarga barham berish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada oshirish, bu orqali aholining tibbiyotdan roziligini ta’minlash bo’yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, tadbirda Bosh prokuror o’rinbosari S. Samatov va Namangan viloyati prokurori u. Madrahimov fuqarolar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan Qonunchilik ijrosini ta’minlash, sohada manfaatlar to’qnashuvi, ta’magirlik va boshqa korrupsion xatti-harakatlarning oldini olish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.