
Tadqiqot: tunda smartfondan foydalanish semizlikni keltirib chiqaradi
Rossiyaning Tyumen tibbiyot universiteti olimlari oqshom va tun mahali smartfon hamda boshqa gadjetlar monitorlaridan taraladigan ko’k nur semizlikni keltirib chiqarishini isbotladi.
Qayd etilishicha, mazkur spektrdagi yorug’lik organizmda melatonin, ya’ni xalqona tilda “uyqu gormoni” deb ataluvchi modda ishlab chiqarilishiga to’sqinlik qiladi. Oqibatda inson tanasida moddalar almashinuvi jarayoni buziladi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko’ra, bunday holat metabolik kasalliklarni keltirib chiqarib, bora-bora foydalanuvchilarda vazn ortishiga sabab bo’lishi mumkin.
— Ko’k spektrli yorug’lik faqat kechqurun va tunda xavfli, — deydi universitet professori Denis Gubin. — Shu paytgacha smartfonlardan qorong’uda foydalanish ko’z va bosh miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi tadqiq etilgan. Ammo endi ularning metabolik jarayonlardagi ishtiroki haqida ham ma’lumotga egamiz.
Shundan kelib chiqib, D.Gubin soat 21:00 dan keyin smartfon, kompyuter va boshqa elektron qurilmalarni ishlatganda ko’k chiroq ta’sirini kamaytiruvchi maxsus filtr rejimini yoqish hamda xona ichiga ko’cha yorug’ligi tushmasligini ta’minlashni tavsiya qildi.
Eslatib o’tamiz, melatonin moddasi inson tanasida yarim tundan ertalabki soat 5:00 gacha maksimal darajada ishlab chiqariladi. Mazkur jarayonning cho’qqisi tungi soat 02:00 atrofi hisoblanadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.