Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

SSV: Respublika pediatriya markazida kam uchraydigan irsiy kasalliklar ilg’or usullarda skrining qilinmoqda

Yurtimizda yosh avlod salomatligini asrash, zamonaviy davolash-diagnostika uskunalari bilan jihozlangan bolalar shifoxonalari tarmog’ini yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati misolida ko’rish mumkin.

 — Muassasamiz pediatriya sohasida davolash-profilaktika, ilmiy-tadqiqot va uslubiy faoliyat olib boruvchi, shuningdek, bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatuvchi mustaqil markaz hisoblanadi, — deydi direktor Abdumannop Abduqayumov.

 — Shifoxona 385 o’ringa mo’ljallangan. Gepatologiya, gastroenterologiya, allergologiya, pulmonologiya, nevrologiya, nefrologiya, kardiorevmatologiya, LOR, 2 ta xirurgiya, 4 ta jonlantirish, 2 ta umumiy pediatriya, klinik va mikrobiologik laboratoriya, fizioterapiya hamda tibbiy radiologiya kabi 39 ta bo’limda bemorlarga eng malakali mutaxassislar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko’rsatiladi.

Markaz 650 dan ortiq eng so’nggi diagnostika hamda davolash uskunalari bilan jihozlangan va salohiyati jihatidan Markaziy Osiyoda etakchi o’rinlardan birida turadi.

Xususan, MSKT, UTT, elastometriya, exokardiografiya va elektroentsefalografiya kabi zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida barcha tana a’zolari tekshiruvi, kontrastli tadqiqotlar, a’zo to’qimalarining zichligi va elastikligini baholash hamda yurakning ultratovush diagnostikasi o’tkaziladi.

Kardiorevmatologiya bo’limida Xolter elektrokardiografiya tekshiruvi bajarilmoqda. Shu bilan birga, nanodakt va makrodakt tibbiy uskunalari orqali nasliy genetik kasallik – kistozli fibrozni aniqlashda qo’llaniladigan teri sinamasi testi yo’lga qo’yilgan.

Qolaversa, irsiy va tug’ma kasalliklarga chalingan bolalar tug’ilishining oldini olish maqsadida kam uchraydigan xastaliklar laboratoriyasi tashkil etilgan. Xususan, ayni paytda AQShdan olib kelingan zamonaviy tibbiy apparat yordamida nimanna-Pik (A va B turlari), mukopolisaharidoz I turi, pompe, Goshe, Fabri va Krabbe kabi noyob hamda boshqa irsiy genetik kasalliklar skrining qilinmoqda.

Bundan tashqari, markazning xirurgiya bo’limida bolalarda peshob yo’llarining tug’ma nuqsoni, gidronefroz yuqori ichak tutqich arteriyasi sindromi, tug’ma va orttirilgan qizilo’ngach stenozi va o’t yo’llari kistoz transformasiyalari, qizilo’ngach vena tomirlarining endoskopik usulda bog’lash kabi murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilyapti.

Eshitish zaifligi va karlik bo’lgan jajji bemorlarda esa koxlear implantasiya, yuz nervini plastik mikroxirurgik operasiya qilish, muvozanat buzilish muammolarini tashxislash va davolash, yangi tug’ilgan chaqaloqlarda audiologik skrining, raqamli eshitish moslamalari yordamida reabilitasiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Markazda, shuningdek, pediatriya, bolalar xirurgiyasi va Otorinolaringologiya yo’nalishlari bo’yicha respublika bo’ylab 17 ming nafardan ortiq bemorga ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko’rsatilib, har yili 5000 dan ziyod jarrohlik operasiyalari bajarilyapti. E’tiborlisi, ularning 80 foizdan ortig’i yuqori texnologik amaliyotlardir.

Qolaversa, hududiy filiallarda teletibbiyot orqali yangi davolash turlari o’zlashtirilyapti. Bunda yil boshidan buyon markaz mutaxassislari tomonidan 1156 marotaba bog’lanishlarda 575 ta tibbiy maslahat, 575 ta konsilium va 17 ta konferentsiya o’tkazildi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.