Sog’liqni saqlash tizimi: tibbiy xizmatlar “sirli mijoz” usulida monitoring qilinadi
Korrupsiyaning har qanday ko’rinishi taraqqiyotga g’ov bo’ladi, jamiyatni ortga tortadi. Shu bois bu illatga qarshi keskin choralar ko’rib kelinadi. Jumladan, mamlakatimizda oxirgi yillarda unga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda
Sog’liqni saqlash vazirligi tizimida “huquqiy eksprement” doirasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar misolida ham buni ko’rish mumkin.
Avvalo, joriy yil 4 noyabrda Sog’liqni saqlash vazirining “Sog’liqni saqlash sohasida “sirli mijoz” institutini joriy etish to’g’risida”gi buyrug’i qabul qilingani, shuningdek, “sirli mijoz” tomonidan monitoring o’tkazishning aniq maqsadlari, parametrlari, ob’ektlari va mezonlarini qamrab olgan Nizom tasdiqlanganligini aytish zarur.
Xo’sh, “sirli mijoz” usulidagi monitoringning o’ziga xos jihatlari, amalga oshirilish tartibi va kutilayotgan natijalari nimalardan iborat?
Bu turdagi monitoring Sog’liqni saqlash vazirligi Markaziy apparati tarkibiy bo’linmalari (zaruratga qarab uning organlari, tashkilotlari va muassasalari) tomonidan tashkil etiladi.
Tadbir jarayonida huquqbuzarliklarni hamda vakolatni suiiste’mol qilishga undovchi usullarni qo’llash taqiqlanadi.
Ushbu tadbir ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi, sog’liqni saqlash tuzilmalari va ularning xodimlari tomonidan tibbiy xizmatlarni ko’rsatishda Qonunchilik talabiga rioya qilinishi, xodimlar mahorati va tezkorligi hamda ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholash imkonini beradi.
Ma’lumotlarni yig’ish uchun haqiqiy mijoz ko’rinishidagi “sirli mijoz”dan foydalaniladi.
“Sirli mijoz” o’rganishlari nafaqat muassasaga borgan holda, balki telefon qo’ng’irog’i, elektron pochta murojaati va boshqa usullar orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
O’rganish natijalari tegishlicha rasmiylashtiriladi va aniqlangan qonunbuzilishlar bo’yicha dalolatnoma u taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kun davomida odob-axloq komissiyasi tomonidan ko’rib chiqiladi. Agar huquqbuzarlik holati mavjud bo’lsa, aybdor xodimning javobgarlik masalasi ko’riladi, bordi-yu jinoyat alomatlari aniqlansa, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborish to’g’risida qaror qabul qilinadi.
Agar siz tibbiyot muassasalarida korrupsiya bilan bog’liq holatlarga duch kelsangiz, vazirlikning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo’linmasining respublika bo’yicha yagona bo’lgan 1203 raqamli “ishonch telefoni” yoki t.me/ssvantikor_bot Telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Unutmang, Sog’liqni saqlash vazirligi har qanday korrupsiyaviy holatga nisbatan murosasiz munosabatda bo’ladi hamda fuqarolarning har bir murojaatini e’tiborsiz qoldirmaydi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.