Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Raqamli tibbiyot: IT hamshiralar tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda

Raqamlashtirish asrida barcha sohalar qatori sog’liqni saqlash tizimiga ham zamonaviy axborot texnologiyalari shiddat bilan kirib kelmoqda.

Natijada tibbiyotda yangi ixtisosliklar paydo bo’lyapti, tashxis va davolash, tadqiqotlar o’tkazish va tahlil qilish, mutaxassislar malakasini oshirish sifati ortyapti. Vaqt sarfi va mehnat xarajatlari kamaymoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 25 maydagi tegishli qaroriga asosan oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) ko’p tarmoqli Markaziy poliklinikalarida, viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida elektron tizim asosida ishlaydigan IT operator-hamshirasi lavozimi joriy qilindi.

IT operator-hamshirasi – bu tibbiyot va yuqori texnologiyali dasturiy ta’minot bo’yicha bilim-ko’nikmalarga ega, faoliyatida ayni ikki sohani uyg’un olib boruvchi innovasion kasb. Hozirda bemor qabulidan tortib, laborator tahlillar, rentgen natijalari, davolash rejasi, dorilar buyurtmasi, kuzatuv kartalari — hamma-hammasi elektron shaklga o’tkazilgan bir sharoitda bu mutaxassisning tibbiy tashkilotdagi o’rni juda muhim.

IT operator-hamshiralari quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

elektron sog’liqni saqlash axborot tizimlari bilan ishlaydi;

bemorlar to’g’risidagi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish, yangilash va nazorat qilish bilan shug’ullanadi;

shifokorlar, hamshiralar va boshqa tibbiy xodimlarga axborot tizimlaridan foydalanishda texnik yordam ko’rsatadi;

turli statistik ma’lumotlar va hisobotlarning elektron tizimda to’g’ri yuritilishini ta’minlaydi;

texnik nosozliklar yuzaga kelganda, raqamlashtirishga mas’ul mutaxassislarga xabar beradi;

axborot xavfsizligi va bemorlarning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligini saqlash qoidalariga rioya qiladi;

raqamli tibbiyot infratuzilmasining barqaror ishlashida ishtirok etadi;

IT yo’nalishidagi yangi dasturlar va yangilanishlarni o’zlashtirib, ularni boshqa tibbiy xodimlarga tushuntirib boradi.

IT-operator hamshirasi klinik jarayonning ham faol ishtirokchisi sanaladi. Rentgen va KT (kompyuter tomografiya) natijalarini tizimga ulash, tahlil natijalari kechiksa, shifokorni ogohlantirish, bemorning dori qabul qilish rejimi nazoratini olib borish, yangi tashxis va davolash bosqichlarini tizimga vaqtida kiritish ishlari uning zimmasida.

Bemor to’g’risidagi tibbiy ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash uchun IT-operator hamshirasi:

parollarni uchinchi shaxsga bermasligi;
kompyuterdan uzoqlashganda Ekranni bloklash;
bemorning tibbiy ma’lumotlarini oila a’zolariga, faqat ruxsat bo’lsa, berish;
ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik;
maxfiylik bo’yicha barcha ichki ko’rsatmalarga amal qilishi kerak. Aks holda nafaqat intizomiy, balki qonuniy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ushbu lavozimda kompyuter texnikasi xizmati bo’yicha tajribaning mavjudligi hamshiraga ustama belgilashda ustunlik beradi.

O’rganishlar shuni ko’rsatadiki, IT-operator hamshiralar faoliyati yo’lga qo’yilgach, tibbiyot tashkilotlarida raqamli infratuzilmadan tortib, tibbiyot xodimlarining axborot tizimlaridan foydalanish natijadorligi sezilarli darajada oshdi. Boshqacha aytganda, har bir tibbiyot tashkilotining samaradorlik ko’rsatkichi o’rtacha 90 foizga etdi.

Buni tibbiy xodimlarning texnik yuklamasi kamayib, vaqtini ko’proq bemorlar bilan ishlashga yo’naltirgani, klinik qarorlar qabul qilish sifati ortgani, qog’oz hujjatlar hajmi, xatoliklar va takroriy ma’lumot kiritish holatlari qisqargani, ish jarayoni uzluksizligi kafolatlangani misolida ko’rish mumkin.

Ma’lumot uchun: ayni paytda respublika bo’ylab tibbiy muassasalarda 2 ming 500 nafardan ortiq IT-operator hamshiralar faoliyat yuritmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.