Palliativ yordam — bemor va uning yaqinlari hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ezgu xizmat
Davlatimiz rahbarining “2025 — 2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida saraton kasalligiga chalingan bolalar va ularning oilalari uchun palliativ yordam tizimini takomillashtirish va bu bilan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash vazifasi belgilab qo’yilgan
Bugungi kunda tibbiyot sohasida nafaqat kasallikni davolash, balki bemorning hayot sifatini yaxshilash ham muhim vazifalardan biriga aylangan. Ayniqsa, onkologik kasallikka chalingan bolalar uchun palliativ yordam butun jarayonning ajralmas qismi hisoblanadi.
Palliativ yordam nima, uning ahamiyati qanday? Bu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi onkolog shifokori Yaxyo Ziyaev batafsil javob beradi:
— Palliativ yordam – bu kasallikni to’liq davolash mumkin bo’lmagan yoki davolash uzoq davom etadigan holatlarda bola va uning oilasiga ko’mak berishga qaratilgan tibbiy, psixologik va ijtimoiy xizmatlar majmuasidir, — deydi ya. Ziyaev.
Bunda mutaxassislar bolaning og’rig’ini engillashtirish, uning emosional holatini qo’llab-quvvatlash va hayot sifatini maksimal darajada yaxshilashga intilishadi.
Onkologik kasalliklar ko’pincha kuchli og’riq, charchoq, qusish, nafas etishmasligi kabi noqulayliklar bilan kechadi. Palliativ yordamning eng asosiy maqsadi — ana shu holatlarni minimal darajaga tushirish.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko’ra, saraton kasalligi bilan og’rigan bemorlarning 80 foizi kasallikning oxirgi bosqichlarida o’rtacha va kuchli og’riqni boshdan kechiradi. Shu sababli ham maqsad davolashdan ko’ra, alomatlar, og’riq va xavotirni engillashtirish, shuningdek, ijtimoiy va ma’naviy muammolarni hal qilishdir.
Bolada imkoni boricha sog’lom tengdoshlari kabi quvonib, o’ynab, sevimli mashg’ulotlari bilan shug’ullanishi uchun sharoit bo’lishi muhim. Palliativ yordam shunday muhitni yaratishga yordam beradi.
Shuningdek, kasallik bilan kurashish davrida bola ham, ota-ona ham qiyin, emosional og’ir jarayonni boshdan kechiradi. Shifokorlar, hamshiralar, psixologlar, pedagoglar, fizioterapevtlar va volonterlar ularga bu davrni engilroq o’tkazishga yordam berishadi.
Bir so’z bilan aytganda, palliativ yordam — onkologik kasallikka chalingan bolalarga nisbatan mehr va g’amxo’rlikni namoyon etuvchi muhim xizmatdir. U nafaqat tibbiy, balki psixologik, ijtimoiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlashni ham o’z ichiga oladi. Bunday yordam bola va uning oilasi uchun umid, engillik va kuch manbai bo’lib xizmat qiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.