
Misrning “sada al-Balad” axborot agentligi O’zbekiston tibbiyotidagi islohotlar haqida maqola e’lon qildi
Misrning “sada al-Balad” axborot agentligi saytida “O’zbekiston tibbiyotida yangi yo’nalish — robot-jarrohlardan foydalanish yo’lga qo’yildi” sarlavhali maqola ingliz tilida e’lon qilindi. Bu haqda “dunyo” AA xabar berdi.
Muallif — O’zbekiston Sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari Elmira Basitxonova yozganidek, yurtimizdagi davolash muassasalarining salohiyati va imkoniyatlarini jahon standartlariga to’la javob beradigan yuksak darajaga olib chiqish sohadagi transformasiya jarayonlarining bosh maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.
“Shu bois bugun ilg’or va zamonaviy shifo maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilyapti. Bolalar milliy tibbiyot markazi, Milliy tibbiyot markazi, kattalar va bolalar uchun mo’ljallangan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari – so’nggi yillarda qad rostlagan ana shunday muassasalardan”, — deb ta’kidlangan materialda.
Alohida e’tibor tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham qaratilmoqda. Quvonarlisi, bunday o’zgarishlar nafaqat poytaxt yoki viloyat markazlari, balki O’zbekistonning eng chekka va olis hududlariga qadar etib boryapti.
Qayd etilishicha, ayni paytda tibbiy yordamning barcha bo’g’inlarida innovasion echimlar, yangi diagnostika va davolash usullari qo’llanib kelinmoqda.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oxirgi uch yil davomida 15 ta yangi uslubdagi neyrojarrohlik amaliyoti yo’lga qo’yildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida esa magnit rezonans tomografiyasi (MRT), multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT), angiografik rentgen, ballon kateterlar, diagnostik va o’tkazuvchi-kateterlar, stentlar, endovaskulyar texnologiyalardan foydalangan holda bemorlarga aniq tashxis qo’yilyapti.
“Markazning interventsion kardiologiya bo’limida yurak va buyrak tomirlarini stentlash, oyoq tomirlarni angioplastika, uyqu tomirlarini stentlash, bachadon mioma va prostata bezi embolizasiyasi kabi bir qancha yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Natijada, birgina 2023 yili markazda 1776 ta murakkab va noyob operasiya muvaffaqiyatli o’tkazildi”, — deb yozilgan “sada al-Balad” axborot agentligi saytida.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.