
JSST sogʻlom ovqatlanish boʻyicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti prognoziga koʻra, 2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishi mumkin. Olimlar bu global muammoga sogʻlom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin, degan xulosada.
Shundan kelib chiqib, JSST sogʻlom ovqatlanish boʻyicha yangi tavsiyalarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, kundalik yogʻ isteʼmoli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi kerak.
Jumladan:
10 foizgacha — toʻyingan yogʻli kislotalar (yogʻli goʻsht, sut mahsulotlari, qatiq, sariyogʻ va boshqa turdagi yogʻlar);
1 foizgacha — sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarilgan transyogʻlar va hayvon yogʻlari.
Qolaversa, JSST tavsiyalaridan shakar isteʼmolini cheklashga doir koʻrsatmalar ham joy olgan. Uning oʻrniga sifatli uglevodlarni isteʼmol qilish foydali ekanligi qayd etilgan.
Har bir inson oʻz organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, don, sabzavot, meva va dukkakli mahsulotlardan olishi kerak.
Xususan, kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi maqsadga muvofiq.
Bolalar va oʻsmirlarning kunlik meva-sabzavotlar isteʼmoli esa quyidagi miqdorda boʻlishi tavsiya etiladi:
2-5 yosh — kamida 250 gramm;
6-9 yosh — kamida 350 gramm;
10 yosh va undan kattalar — kamida 400 gramm.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.