Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

JSST: Evropa mintaqasida qizamiqqa chalinish holatlari rekord darajaga etdi

Yangi taqdim etilgan hisobotga ko’ra, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosiga a’zo mamlakatlarda o’tgan yili qizamiqqa chalinish bilan bog’liq 127 mingdan ziyod holat qayd etilgan.

Xavotirli jihati, bu — 2023 yilga nisbatan ikki baravar ko’p hamda 1997 yildan beri ro’yxatga olingan eng yuqori ko’rsatkichdir.

JSST va YUNISEFning bu boradagi tahlilida keltirilishicha, Evropa hamda Markaziy Osiyoning 53 davlatini o’z ichiga olgan mintaqada qizamiq tashxisi qo’yilgan bemorlarning 40 foizdan ortig’ini besh yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil qiladi.

O’sish sur’atlari koronavirus pandemiyasi davrida emlash qamrovi pasayishi bilan bog’liq. Ammo ekspertlar hali-hanuz bir qator mamlakatlarda vaktsinalar qabul qilish ko’rsatkichi pandemiyadan oldingi darajaga qaytmaganidan xavotirda. Bu esa epidemiya xavfini oshirmoqda.

Shundan kelib chiqib, YUNISEF va JSST qizamiq epidemiyasi faol bo’lgan mamlakatlar hukumatlarini zudlik bilan kasallanish holatlarini aniqlash va emlash kampaniyalarini kuchaytirishga chaqirdi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.