
Jazirama kunlari “tez yordam”ga qancha bemor murojaat qildi?
Odatda, yurtimizda yozning eng issiq kunlari “chilla” davriga to’g’ri keladi. Xususan, bu yil ham iyul oyi jazirama bilan boshlandi.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko’ra, joriy yilning 2-5 iyul kunlari O’zbekiston hududiga janubdan juda issiq ob-havo oqimlari kirib kelishi natijasida shu kunlari mamlakatimizda anomal issiq kuzatildi.
Xo’sh, ana shunday jazirama ob-havo sharoitida “103” xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushdi?
Ushbu savolga Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov javob berdi.
— Odatda, yoz faslida yurtimizda mintaqamizga xos bo’lgan quruq issiq kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, so’nggi kunlarda dunyoning ko’plab mamlakatlarida bo’lgani kabi O’zbekistonda ham yuqori harorat saqlanib qolmoqda.
Albatta, bunday paytda, eng avvalo, surunkali kasalligi bo’lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligiga alohida e’tibor talab etiladi.
Shu bois, ular sog’ligini tibbiy nazoratga olish, zarurat bo’lganda shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish lozim. Ayniqsa, issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini e’tiborga olsak, “tez yordam” xizmati xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Raqamlarga to’xtalsak, o’tgan haftada, ya’ni anomal issiq kuzatilgan davrda respublika bo’yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 247 ming 459 ta chaqiriq kelib tushdi. Ularning 172 ming 676 tasini shoshilinch ko’rsatma, 65 ming 163 tasini esa surunkali kasalliklar bilan bog’liq murojaatlar tashkil etdi.
Shunisi e’tiborliki, tegishli mas’ul tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga anomal issiq havo sharoitida ehtiyot choralarini ko’rish to’g’risida berilgan tavsiyalar tufayli chaqiriqlar soni undan oldingi hafta (24-29 iyun)ga nisbatan 1,2 foizga kamaydi.
Shu o’rinda vazirlik zarurat bo’lmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog’li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko’proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishni tavsiya etadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.