
Gematologiya markazi dunyoning qaysi etakchi klinikalari bilan hamkorlik qilmoqda?
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining o’tgan yildagi faoliyati haqida gap ketganda, bu erda birinchi marta o’ta murakkab yuqori texnologik amaliyot — allogen va gaploidentifik o’zak hujayralar transplantasiyasi yo’lga qo’yilgani va ushbu operasiya 30 nafar bemorda muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini aytish joiz.
Bu, albatta, markazda zamonaviy davolash usullari amaliyotga samarali tatbiq etilayotgani va xalqaro hamkorlik izchil kengayib borayotgani bilan bevosita bog’liq.
Jumladan, hamkorlar ko’magi bilan bemor va donorni Kross-match ko’rikdan o’tkazish, sensibilizasiyaning oldini olish uchun shisha kolonkali agglyutinasiya texnologiyasi yordamida qon guruhlarini immunogematologik tekshirish, mass-spektometriya va HLA genotiplash singari ilg’or usullar yo’lga qo’yildi.
— Markazimiz dunyoning etakchi klinikalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Miralisher Islamov. — Bu barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimiz omili, desak xato bo’lmaydi.
Asosiy hamkorlarimiz quyidagilardan iborat:
Turkiya Sog’liqni saqlash vazirligi qoshidagi onkologiya o’quv-ilmiy gospitali;
Frantsiyaning Jorj Pompidu universiteti hamda gemostaz va tromboz markazi;
AQShning “Globomikc” LLG kompaniyasi;
Shveytsariyaning Novo-Nordisk gemofiliya fondi;
Sankt-Peterburg tibbiyot universiteti qoshidagi Gematoloiya, onkologiya va transplantasiya markazi;
Moskva gematologiya ilmiy-tekshirish markazi;
Minsk xirurgiya, transplantologiya va gematologiya ilmiy amaliy markazi.
Shuningdek, markazimiz tinch okeani va Osiyo mintaqasi mamlakatlari suyak qo’migi transplantasiyasi tashkiloti (APBMT) a’zoligiga qabul qilindi va tashkiliy qo’mitaga kiritildi.
Xodimlarimiz malakasini oshirish ham hamkorlik aloqalaridagi muhim yo’nalish hisoblanadi. O’tgan yilda o’nlab mutaxassislarimiz AQSh, Turkiya, Rossiya va Germaniyaning gematologiya, onkologiya va transplantasiya markazlarida malaka oshirib qaytdi.
Joriy yilda ham hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Turkiya, Rossiya va Janubiy Koreya davlatlari mutaxassislari bilan birgalikda CAR-T hujayralar terapiyasi onkogematologiya amaliyotiga tatbiq etiladi.
Amerikalik sheriklarimiz bilan esa O’zbekistonda tibbiyot genomining milliy strategiyasi, sun’iy intellekt borasidagi ishlarni jadallashtirish harakatidamiz.
Umuman, bundan keyin ham xalqaro aloqalarni kengaytirib borishga ustuvor darajada e’tibor qaratamiz. Zero, bu pirovard natijada markaz faoliyatini yanada rivojlanish orqali aholimizga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro andozalar darajasiga ko’tarishga zamin yaratadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.