Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Elektron sigaretalar tamakiga qarshi kurash bo’yicha harakatlarni chippakka chiqaradimi?

Bugun elektron sigaretalardan foydalanish kattalar orasida unchalik ko’p tarqalmagan. Ammo ulardan foydalanilayotgan 50 ta mamlakatda elektron sigaretalardan foydalanishning bolalar va o’smirlar orasida oshib borayotgani aniqlangan.

— AQShda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, yuqori sinf o’quvchilari orasida elektron sigaretalardan foydalanilishi 2011 yildan 2020 yilgacha 1,5 foizdan 19,6 foizgacha oshgan, — deydi Sog’liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo’yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — 2014 yildan 2020 yilgacha aromatik elektron sigaretalarni iste’mol qiladigan foydalanuvchilar ulushi 65,1 foizdan 84,7 foizgacha etgan.

Elektron sigaretalardan foydalanadigan yoshlarning 70 foizi, “ularga yoqadigan ta’mga ega bo’lgani uchun” elektron sigaretalardan foydalanishayotganini aytgan.

Rossiya Federasiyasida esa elektron sigaretalar bozorda paydo bo’lgandan keyin besh yil o’tib, ya’ni 2015 yilda odatiy sigaretani chekish darajasi kamayganiga qaramay, nikotinga qaramlik darajasi maktab o’quvchilari orasida ko’paygan.

Yurtimizdagi holat haqida gapirsak, 2019 yilda o’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, 18-29 yoshdagi erkaklari orasida elektron sigaretalarni chekish darajasi 30-69 yoshdagi erkaklar orasidagidan ikki marta ko’p bo’lgan.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining ma’lumotlariga ko’ra, elektron sigaretalar voyaga etmaganlar yonidan barcha topilgan tamaki mahsulotlarining o’rtacha 8 foizini tashkil etgan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, elektron sigaretalardan foydalanadigan bolalar va o’smirlar keyinchalik odatdagi sigaretalarni ikki baravar ko’proq iste’mol qilishni boshlaydilar.

Bu shundan dalolat beradiki, yosh avlod nikotinga qaramlik kasalligiga duchor bo’ladi, bu tamakiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni chippakka chiqaradi hamda ushbu sohada qo’lga kiritilgan yutuqlarni ham xavf ostiga qo’yadi.

Bundan kelib chiqadiki, o’smirlar orasida tamaki, xususan, elektron sigaretalarning tarqalishini cheklash har qachongidan ham dolzarb bo’lib qolmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.