Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Dehqonobod tumanida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining sayyor qabuli bo‘lib o‘tmoqda

Dehqonobod tumanida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining sayyor qabuli bo‘lib o‘tmoqda

Dehqonobod tumanida Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul jarayoni hozirda faol davom etmoqda. Tadbirda viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining rahbarlari, yetakchi mutaxassis shifokorlar, Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etmoqda. Jarayon davom etayotgani bois qabulga tashrif buyurayotgan fuqarolar soni ham ortib bormoqda.

Sayyor qabul — muhtaram Prezidentimiz boshchiligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning amaliy ifodasidir. Ushbu islohotlar tufayli olis hududlar aholisi endi viloyat markazi yoki poytaxtga borib ovora bo‘lmasdan, o‘z yashash joyida malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tish, zarur tibbiy maslahat hamda yo‘llanmalarni olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirib, qulaylik yaratmoqda.

Qabul davomida fuqarolarning tibbiy ko‘rikka oid murojaatlari birinchi navbatda ko‘rib chiqilmoqda. Tajribali shifokorlar tomonidan zarur diagnostik tekshiruvlar o‘tkazilib, ehtiyojdan kelib chiqib tuman, viloyat yoki respublika darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar berilmoqda. Shuningdek, ishga joylashish, mehnatga oid huquqlar, nogironlik bo‘yicha nafaqaga chiqish kabi ijtimoiy masalalarga doir murojaatlar ham ro‘yxatga olinib, ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilmoqda.

Mazkur sayyor qabulda psixiatriya xizmati ham alohida e’tibor bilan tashkil etildi. Tajribali psixiatr shifokorlar tomonidan aholining ruhiy salomatligiga oid murojaatlari tinglanib, dastlabki tashxislar qo‘yilmoqda, zarur hollarda chuqurlashtirilgan psixiatriya tekshiruvlari uchun tegishli muassasalarga yo‘llanmalar berilmoqda. Shuningdek, depressiya, stress, uyqusizlik, asabiy buzilishlar va boshqa ruhiy holat bo‘yicha kelgan fuqarolarga bepul maslahatlar berilib, ularning davolanish jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi. Ushbu xizmatning sayyor qabul tarkibida tashkil etilgani aholi orasida ruhiy salomatlik madaniyatini oshirishga, muammolarni erta aniqlashga va ularni o‘z vaqtida hal etishga xizmat qilmoqda.

Sayyor qabul davom etmoqda.