Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusida zamonaviy klinika ochildi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sog’liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, inson hayotini muhofazalash va salomatligini mustahkamlash, odamlarning hayotdan rozi bo’lib yashashlariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi va muhtasham kampusi qurilib, foydalanishga topshirilganini sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi desa bo’ladi.

Bugun mazkur muassasaning yana bir quvvati, talabalar amaliyoti uchun katta maydon, hozirgi zamon talablariga to’la javob beradigan yangi klinikaning ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tadbirda viloyat hokimi B. Zaripov, sog’liqni saqlash tizimi mutasaddilari, institut rahbariyati, xorijiy mehmonlar, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Zamonaviy uslubda barpo etilgan yangi klinika ilg’or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo’lib, unda yuqori texnologik davolash usullarini amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Muassasada bemorlarning davolanishi, tibbiy xodimlarning faoliyat yuritishi, talabalarning to’laqonli bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Bir paytda 200 nafar bemorga stasionar va 300 nafar bemorga ambulator yordam ko’rsatish imkoniyatiga ega mazkur klinika loyihasi umumiy qiymati 65 milliard so’mga moliyalashtirilgan.

Endilikda bu erda neyroxirurgiya, travmatologiya, kardioxirurgiya, bosh miya qon aylanishining o’tkir buzilishi, endourologiya, rekonstruktiv jarrohlik, interventsion kardiologiya yo’nalishlarida yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko’rsatish mumkin.

Kelgusida klinikada buyrak, jigar va yurak transplantasiyasi kabi murakkab operasiyalarni bajarish rejalashtirilmoqda. Klinika malakali jamoasining bosh maqsadi — nafaqat Buxoro, balki Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari aholisining ham uzog’ini yaqin qilish, dardiga davo topish.

Yig’ilganlar klinikada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, uning moddiy-texnik imkoniyatini yuqori baholadilar.  

Umuman olganda, mazkur klinikaning ochilishi Abu Ali ibn Sino tavallud topgan zaminda tibbiyotning so’nggi yutuqlarini keng qo’llash bilan birga, sohaga oid zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, tibbiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish va ularni xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.