Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Bolalarga tibbiy muolaja bilan birga yuksak g’amxo’rlik ko’rsatilmoqda

“Bolaning begonasi bo’lmaydi”, degan purma’no hikmat xalqimizning dunyoqarashiga chuqur singib ketgan. Shu bois bolalarni suyib ardoqlaymiz, vaqti kelsa, boshga ko’taramiz. Bugungi kunda bu masalaga davlat darajasida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, diqqatga sazavor.

U. Qurbanov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida bolalar tserebral falaji (BTSF), spinal mushak atrofiyasi (sma) hamda autizm spektri buzilishi (ASB) bilan og’rigan 0-18 yoshdagi bolalarga tibbiy reabilitasiya bilan birga g’amxo’rlik ko’rsatilayotganiga guvoh bo’lgach, sal avval keltirilgan naql beixtiyor yodga tushadi.

— Muassasamizda yurtimizning barcha hududlaridan kelgan bemorlarga malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatib kelinmoqda, — deydi shifoxona bosh shifokori Shoira Nurmatova. — Faoliyat samaradorligini yanada oshirish maqsadida reabilitasiya jarayoniga yangi zamonaviy va yuqori texnologiyali davolash usullarini tadbiq etyapmiz. Agar joriy yilning o’tgan davridan kelib chiqib aytadigan bo’lsak, bir nechta amaliyot hamda yangi tashxislash va davolash usullari o’zlashtirildi.

Tserebral falajiga chalingan bolalarda tizza bukuvchi kontrakturasini kam invaziv tuzatish usulidagi amaliyot ilk bor o’tkazilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Uni qo’shib hisoblasak, yuqori texnologik amaliyotlar soni 12 taga etdi.

Shularga mos ravishda mutaxassislarimizning sa’y-harakatlari bilan 2 turdagi davolash usuli joriy etildi. Robotlashtirilgan muvozanat-harakatlar trenajeri va “yurish imitasiyasi” nomli tibbiy asbob-uskunalar yordamida yangi harakat va o’z-o’ziga xizmat qilish ko’nikmasi rivojlanmoqda.

Yutuq va natijalarimizda xalqaro hamkorlarning ham ulushi salmoqli. Shu bois xalqaro aloqalarni mustahkamlash doimiy e’tiborimizda bo’lib kelmoqda.

Masalan, joriy yil 26-27 fevral kunlari shifoxonamizga Istanbul bolalar ortopediyasi akademiyasi professori Muharrem Inan keldi. Ana shu jarayonda bir qator kelishuvlarga erishdik.

Avvalo, 18 nafar BTSF bilan og’rigan bolalarni davolash taktikasi yuzasidan maslahatlashib olinganini aytish zarur. Aprel-may oylarida birgalikda operasiyalar o’tkazadigan bo’ldik. Muhimi, ikki muassasa o’rtasida memorandum imzolandi.

Undan quyidagi bandlar o’rin olgan:

birgalikda bemorlar yuzasidan maslahatlar o’tkaziladi;

ortopedlarimiz Istanbul shahrida malaka oshiradi;

muassasamizda hamkorlikda operasiyalar amalga oshiriladi;

onlayn tarzdagi maslahatlashuvlar yo’lga qo’yiladi.

Tabiiyki, shifoxonaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash ham doimiy e’tiborda. Jumladan, bu erda bolalar uzoq vaqt davolanishini hisobga olib, maxsus hordiq chiqarish maydonchasi va o’yingoh barpo etildi. Shu bilan birga, gidromassaj usulini tatbiq etish maqsadida 3 ta vanna olib kelib o’rnatildi.

Shifoxonamizda olib borilayotgan islohotlar nafaqat yurtdoshlarimiz, ayni chog’da xorijliklarning ham bizga bo’lgan ishonchini mustahkamlamoqda, desak ayni haqiqat. Buni yil boshidan buyon 22 nafar chet el fuqarosi murojaat qilgani va 10 nafari stasionar davolanganini keltirsa bo’ladi.

Jamoamizning natijalari chakki emas. Endilikda barcha yo’nalishdagi ko’rsatkichlarni yanada yaxshilash harakatidamiz.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.