
Bolalarda maymoqlik qaytalanadi…mi?!
Ma’lumki ko’pgina ortopedik kasalliklarda go’dakning erta yurishi uning salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi
Xo’sh, maymoqlikda ham shundaymi? Qanday hollarda mazkur kasallik yana qaytalanishi mumkin?
Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maslahat poliklinikasi mudiri Muharram Ismatillaeva batafsil javob berdi.
— Odatda sog’lom go’daklar 20 oylikka qadar ilk mustaqil qadamlarini qo’yishga ulguradi, — deydi mutaxassis. — Biroq ba’zi ortopedik xastaliklarda bolajonlarning barvaqt yurishi mumkin emas. Chunki bu holat ular salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin.
Maymoqlik esa bundan mustasno. Ushbu xastalikda bolakay qancha erta qadam tashlasa, shuncha foydali.
Boisi bu kasallik bilan og’rigan bolalar ko’pincha oyoqning yon tomoni bilan yura boshlaydi. Oyoq panjasini to’liq erga bosish uchun harakatni cheklamaslik zarur. Jismoniy faollikka qanchalik ko’p e’tibor berilsa, mushak va bo’g’imlar shu qadar mustahkamlanib boraveradi.
Bir so’z bilan aytganda, maymoqlikdan bolalarni forig’etish uchun to’g’ri davo choralarini qo’llash hamda ota-onalardan alohida g’amxo’rlik va e’tibor talab qilinadi.
Aks holda kasallik yana qaytalanishi mumkin. Bunga, shubhasiz, muolajalardan keyingi reabilitasiya choralariga qat’iy amal qilmaslik sababdir.
Misol uchun, ayrim ota-onalar bolasining oyog’i tuzalib, yurib ketgach, ortopedik poyabzal kiydirish, uqalash (yoki davolash gimnastikasi) muolajalarini bajarishni unutib qo’yadi. To’liq davolanmaslik oqibatida esa oyoq avvalgi qolipiga tushib qolish ehtimoli yuqori.
Hatto, bemorlar orasida takroran operasiyaga olib kelinadiganlar ham yo’q emas. Shu bois jarrohlik amaliyotidan so’ng oyoqni tekis holatga moslashtirish uchun fiziomuolaja, parafin, suvli vannalar, elektrofarez singari reabilitasiya tadbirlariga alohida e’tibor qaratish kerak.
Yo’qsa, operasiya yo’li bilan cho’zilgan pay yana qisqarib, maymoqlikni yuzaga keltiraveradi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.