Beg’araz donorlik: 2025 yil yurtimizda qancha sifatli qon tayyorlandi?
Murakkab transplantasiya amaliyoti o’tkaziladigan, onkologik, gematologik kabi og’ir kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisa tufayli jiddiy tan jarohati olgan bemorlar uchun qon muhim vosita sanaladi.
Shu bois, yurtimizda beg’araz donorlik harakatini rivojlantirish, soha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi paytda bu yo’nalishda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stantsiyasi hamda 13 ta qon quyish bo’limi samarali faoliyat yurityapti.
Maqsad — davolash muassasalarini kerakli qon preparatlari va komponentlari bilan ta’minlash, jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirishdan iborat.
— Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko’ra, har bir davlat o’z aholisining qon komponentlari va preparatlariga bo’lgan ehtiyojini qoplash uchun har 1000 nafar kishiga nisbatan qon topshirish salmog’i 30 nafarni tashkil qilishi kerak, — deydi Respublika qon quyish markazi direktori A’lonur Saidov. — Bizda esa bu raqam 10 nafarga to’g’ri keladi. Agar ushbu ko’rsatkich 30 nafarga ortsa, mavjud ehtiyojni 100 foiz ta’minlashga erishiladi.
Aytish lozimki, yurtimizda 2023 yil 130,6 tonna, 2024 yil 148 tonna va o’tgan 2025 yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlandi. Albatta, mazkur ko’rsatkichni yanada oshirish mumkin. Buning uchun sayyor donorlikni rivojlantirish juda muhim.
Shu maqsadda so’nggi yillarda Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta ko’chma donorlik kompleksi – maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobuslari topshirildi.
Ular maxsus karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo’ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, kondisioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o’zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
Ma’lumot o’rnida: mamlakatimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo’lgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 bo’lgan har bir shaxs donor bo’lishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4 marta qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrdan iborat bo’lishi kerak.
Bugun yurtimizda beg’araz qon topshiruvchi shaxslar qator huquq, imtiyoz va kafolatlarga ega bo’lib, bu boradagi Qonunchilik yanada takomillashtirildi.
Jumladan, qonun (O’RQ-1041-son, 28.02.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi.
Unga ko’ra, “O’zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bir yo’la beriladigan pul mukofoti miqdori oshirilib, (BHM)ning 15 baravari etib belgilandi. Ilgari esa bu raqam Bhmning 5 baravariga teng edi.
Shuningdek, ushbu ko’krak nishoni bilan taqdirlangan donorlar har yili o’zlari uchun qulay vaqtda mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin va ular shahar yo’lovchi transportidan (yo’nalishli va yo’nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanadi. Sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun esa yo’llanmalarni navbatsiz olish huquqiga ega.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
Psixiatriya Xizmati Qashqadoryo