Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

SSV: gemofiliyaga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko’rsatish tizimi takomillashtiriladi

Sog’liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Butunjahon gemofiliya federasiyasi va Butunrossiya gemofiliya jamiyati vakillari bilan uchrashdi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, O’zbekiston keyingi yillarda tug’ma irsiy xastalik — gemofiliyani tashxislash, davolash va uning oldini olish borasida qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilyapti. Jumladan, mutaxassislarimiz bu sohada rivojlangan davlatlar etakchi klinikalarida bilim va tajriba oshirib qaytmoqda.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohlari uchun Rossiyaning etakchi klinikasida tashkil etilgan shunday malaka oshirish kurslari boshlanish arafasida.

Butunrossiya gemofiliya jamiyati prezidenti Yuriy Julevga ko’ra, Rossiya Federasiyasi bilan bir qatorda O’zbekistonda ham shu davlatning gen terapiyasi tadqiqotlari o’tkazilyapti. Mazkur klinik o’rganishlar natijasida bemorlarni davolash muddatlarini ancha qisqartirish va nogironlik holatlarini kamaytirishga erishish mumkin.

Uchrashuvda shu kabi hamkorlik loyihalarini ko’paytirish, hududlarda tashxislash va laboratoriya xizmatlarini yo’lga qo’yish, bemorlar uchun zarur dori vositalarini xarid qilish va ularga shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish tizimini takomillashtirish, bolalar orasida qon ivishi buzilishining oldini olish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.