Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Respublika ruhiy salomatlik markazi 30 turdagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o’z faoliyati davomida salmoqli natijalarga erishib kelmoqda.

Bu borada Prezidentimizning 2023 yil iyun oyidagi tegishli qarori dasturilamal bo’layotir. Zero, unda aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va psixiatriya muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog’liq dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

O’tgan davrda psixiatriya, narkologiya, tibbiy psixologiya va psixoterapiya xizmatini to’liq transformasiya qilish orqali yaxlit vertikal boshqaruv tizimi yo’lga qo’yildi va xizmat ko’rsatish tuman darajasigacha tushirildi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor barcha yutuqlarimizda asosiy omil bo’lmoqda, — deydi mazkur markaz direktori Zarifjon Ashurov. — Ana shu e’tibor samarasi o’laroq, muassasamiz va uning hududiy filiallari 30 turdagi 46,1 milliard so’mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Albatta, bu ish sifatiga ijobiy ta’sir ko’rsatmasdan qolmadi. Joylarda markazimiz mutaxassislari tomonidan 3 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz maqsadli tibbiy ko’riklardan o’tkazildi.

Shu jarayonda turli kasalliklar aniqlangan 2 ming 700 nafardan ko’proq kishi o’z vaqtida davolanishga yo’naltirildi.

Aytish joizki, hududlar bilan teletibbiyot tizimi yordamida 56 marotaba ilmiy seminar, klinik konferentsiya va tashkiliy-uslubiy anjumanlar tashkil qilinganligi ham joylarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashda katta o’rin tutyapti.  

Qolaversa, ilk bor 3 ta yo’nalish bo’yicha 8 ta davolash va tashxislashga oid hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqdaki, bu ham soha vakillari faoliyatini takomillashtirishda qo’l kelyapti.

Sir emas, bugun barcha sohada asosiy ishni yuqori salohiyatga ega kadrlar hal qiladi, shu jumladan, tibbiyotda ham. Shundan kelib chiqib, 116 nafar mutaxassislarimizning ilg’or xorijiy davlatlarda amaliy ko’nikma va kasbiy mahoratini oshirishlarini ta’minladik.

Xalqaro hamkorligimiz doirasida Samarqandda “II bahorgi Samarqand yosh psixiatr va narkologlar ilmiy maktabi” hamda “O’zbekiston – Frantsiya ruhiy salomatlik simpoziumi”, Buxoroda “O’zbekiston – Germaniya ruhiy salomatlik forumi” kabi anjumanlar yuqori saviyada o’tkazilganligini ham keltirib o’tish joiz. Negaki, 100 nafarga yaqin nufuzli xorijiy markazlar olimlari ishtirok etgan ushbu tadbirlar o’ziga xos tajriba almashinuv platformasi vazifasini o’tadi.

Joriy yilda ham markazimiz oldida ulkan vazifalar turibdi. Shu bois jamoamiz a’zolari bilan yutuq va natijalarimizni yanada yaxshilash maqsadida mehnat qilmoqdamiz.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati