
Skrining tekshiruvlari: patronaj hamshiralarining vazifalari nimalardan iborat?
Tibbiyotning birlamchi bo’g’ini muassasalari aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash maqsadida o’tkaziladigan patronaj tadbirlarining asosiy ob’ekti hisoblanadi. Xo’sh, ushbu tizimda o’tkaziladigan skrining tekshiruvlarida patronaj hamshirasining ishtiroki qay darajada? Sog’liqni saqlash vazirligining joriy yil 27 martda qabul qilingan 97-son buyrug’ida bunga doir tegishli talablar belgilangan.
2-10 yoshli bolalarda gelmintoz kasalliklari skriningi:
Hududdagi 2-10 yoshdagi bolalarning elektron ro’yxatini shakllantiradi. Ushbu ro’yxatdan gelmintoz kasalligi bilan dispanser nazoratida turganlarni ajratadi. Qolgan bolalarni skriningdan o’tkazish tarmoq rejasini kunlik, haftalik, oylik va yillik ko’rinishda tuzadi va reja asosida bolalarni skriningga taklif qiladi.
3-18 yoshli bolalarda onkogematologik kasalliklar skriningi:
Hududdagi 3-18 yoshlardagi bolalar ro’yxatini bir yilda bir marta skriningdan o’tkazish maqsadida shakllantiradi, ulardan onkogematologik kasalligi bilan dispanser nazoratida turganlarni ajratadi. Qolgan bolalarni skriningdan o’tkazish tarmoq rejasini tuzib, ularni reja asosida skriningga taklif qiladi.
40 va undan yuqori yoshdagi aholida yurak-qon tomir kasalliklari hamda qandli diabet skriningi:
Ushbu yosh toifasidagi aholi ro’yxatidan gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, surunkali yurak etishmovchiligi va qandli diabet bilan nazoratda turganlarni ajratadi. Kasalliklarni erta aniqlash bo’yicha skriningdan o’tishi kerak bo’lgan aholining elektron ro’yxatini shakllantiradi va ularni tarmoq rejasi asosida skriningga chaqiradi.
35-55 yoshli ayollarda bachadon bo’yni saratoni hamda 45-65 yoshli ayollarda ko’krak bezi saratoni skriningi:
Ushbu yosh toifasidagi ayollar ro’yxati shakllantiriladi, dispanser nazoratida turganlarni ro’yxatdan ajratgan holda, skriningdan o’tishi lozim bo’lgan aholining elektron ro’yxatini tibbiy brigada boshlig’i – oilaviy shifokorga taqdim qiladi. Reja asosida aholi kontingentini tekshiruvoldi tartib-qoidalar bilan tanishtirgan holda tekshiruvga chaqiradi. Xavf guruhlarini aniqlaydi, ular mavjud bo’lganda shifokoroldi ko’rigi xonasiga yuboradi.
Surunkali kasalligi bor bemorlarda sil kasalligi skriningi:
Patronaj hamshiralari aholi orasida tuberkulyoz infektsiyasi xavf guruhlarini aniqlaydi. Bunda sil kasalligining barcha turlari bilan og’rigan bemorlar bilan muloqotda bo’lgan shaxslar, surunkali kasalliklarga chalinganlar, OIV infektsiyasi bilan yashaydigan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga asosiy e’tiborni qaratadi. Xavf guruhiga mansub aholi ro’yxatini shakllantiradi.
Flyurografiyadan o’tishi zarur bo’lganlar uchun tarmoq rejasini tuzadi va ularni ko’p tarmoqli Markaziy poliklinikalarga tekshiruv uchun yo’naltiradi. Harakatlanishi cheklangan shaxslarning Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan mobil hamda portativ flyugografiya ko’riklaridan o’tkazilishini ta’minlaydi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati