Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Olti turdagi mahsulotlar yurak-qon tomir xastaliklari xavfini sezilarli darajada kamaytiradi

JSSTga ko’ra, yurak-qon tomir kasalliklari dunyo bo’ylab o’limning asosiy sababi bo’lib, har yili undan taxminan 17,9 million nafar inson vafot etadi.

Agar rasionga ozgina o’zgartirish kiritish orqali ushbu xastalik xavfini keskin kamaytirish mumkin bo’lsachi? Makmaster universiteti va Gamilton universitetining aholi salomatligi ilmiy-tadqiqot instituti (PHRI) tomonidan o’tkazilgan muhim tadqiqot buning mumkin ekanligini isbotladi.

Tadqiqotga ko’ra, rasionimizga quyidagi oltita asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini kiritish yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi:
mevalar;
sabzavotlar;
dukkaklilar;
yong’oq;
baliq;
to’liq sut mahsulotlari.

Bunda har kuni meva va sabzavotlardan ikki-uch portsiya, shuningdek, bir portsiya yong’oq va ikki portsiya sut mahsulotlarini, haftada uch-to’rt marta dukkaklilar va ikki-uch marta baliq iste’mol qilish tavsiya qilinadi.

Yurak uchun sog’lom parhezga o’tish qiyin tuyulishi mumkin, ammo u yurak xastaligi bilan kurashishdan ko’ra ancha oson.

Ushbu olti turdagi mahsulotni kundalik hayotingizga qo’shishning oson usullari mavjud.

Masalan:

Kuningizni meva eyish bilan boshlang.

Har ovqatlanayotganingizda likopchangizning yarmini sabzavot bilan to’ldiring. Ko’p turdagi vitaminlar va minerallarni olish uchun turli xil ranglardagi sabzavotlarni tanlang.

Fasol va yasmiq (chechevisa) universal hisoblanadi. Ularni sho’rva, dimlab pishirilgan taomlar va salatlarga qo’shing.

Yoningizda doim yong’oq to’la kichik idish tursin, qorningiz ochganida tezgina eb olib, yuragingiz holatini yaxshilaysiz.

Haftada ikki-uch marta baliq eyishga harakat qiling.

Yogurt, pishloq va tabiiy yog’li sutni tanlang.

Yodingizda tuting, nafaqat ovqatlanishni tartibga solish, balki doimiy jismoniy mashqlar, stressni boshqarish va etarlicha uxlash ham yurak faoliyatini yaxshilashi mumkin.

Tadqiqotning to’liq matni “European Heart Journal” jurnalida chop etilgan.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.