
Poytaxtda har bir bemor sog’ligi poliklinikalardagi shtablar orqali monitoring qilib borilmoqda
Sifatli birlamchi tibbiy xizmat, kasalliklarni profilaktika qilish va erta aniqlash… Bu — Prezidentimiz tomonidan sog’liqni saqlash tizimi oldiga qo’yilayotgan eng ustuvor vazifa.
Shu bois bugun yurtimizda xastaliklarni barvaqt aniqlash, to’g’ri tashxislash va davolash, bunda tibbiyot muassasalarining o’zaro hamkorlikda ish olib borishini yo’lga qo’yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Natijada aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va ulardan foydalanish qulayligi ortib boryapti. Buni birgina Toshkent shahri birlamchi ambulator tibbiy muassasalar faoliyati misolida ham ko’rish mumkin.
Bugungi kunda poytaxtdagi oilaviy poliklinikalar ish faoliyatini yanada yaxshilash, bemorlarning uyga chaqiriqlarini tahlil etish, tez va shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish sifatini oshirish, ambulator xizmat hamda shifoxonalar o’rtasida ma’lumot almashinuvini takomillashtirish maqsadida Toshkent shahar Sog’liqni saqlash bosh boshqarmasi, 12 ta ko’p tarmoqli Markaziy va 71 ta oilaviy poliklinika hamda bosh boshqarma tasarrufidagi shifoxonalar qoshida doimiy faoliyat yurituvchi shtablar tashkil etilgan.
Xo’sh, mazkur shtablarning vazifasi nimalardan iborat?
— Markaziy shtabga Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filialiga bo’lgan chaqiriqlar hamda poytaxtda joylashgan klinik shifoxonalar va tug’uruq komplekslariga murojaat qilgan, biroq ambulator muolaja uchun qaytarilgan bemorlar, shuningdek shifoxonadan davolanib chiqqanlar to’g’risida kunlik ma’lumot yuboriladi, — deydi Toshkent shahar Sog’liqni saqlash bosh boshqarmasi raqamlashtirish sho”basi bosh mutaxassisi Sirojiddin Xaytmetov. — So’ng ular tuman ko’p tarmoqli Markaziy poliklinikalar va tegishliligi bo’yicha oilaviy poliklinikalarga etkaziladi.
Ushbu ma’lumotlar asosida har bir ko’p tarmoqli Markaziy va oilaviy poliklinikalarda bitta mobil brigada tashkil etilgan. Ular ertalab soat 08:00 dan 14:00 gacha va 14:00 dan 20:00 gacha bemorlarga zarur tibbiy yordam ko’rsatib, aholini Sog’liqni saqlash vazirligining 2022 yil 18 fevraldagi tegishli buyrug’i bilan tasdiqlangan ro’yxatdagi kerakli dorilar bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, ko’p tarmoqli Markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etilgan shtab tomonidan mobil tibbiy brigada, onlayn va Offlayn patronaj tizimi orqali aktiv patronaj xizmati yo’lga qo’yilgan bo’lib, bemorlarning doimiy monitoringi olib boriladi.
Muhimi, guruhlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili tibbiy brigadaning faoliyatida o’z aksini topadi. Ya’ni, bunda bemorlar sog’lomlashtirish darajasiga qarab, ranglar orqali toifalanadi.
Xususan:
qizil toifa – shifoxonada;
sariq toifa – ambulator nazoratda;
yashil toifa – sog’ayganlar sifatida belgilanadi.
Bu orqali bemor to’liq tuzalgunga qadar oila shifokorining doimiy nazoratida bo’ladi. O’z navbatida aholiga ko’rsatiladigan birlamchi tibbiy xizmat sifati oshadi.
Qolaversa, birlamchi tizimda profilaktika ustuvor bo’lgani uchun kasalliklarning oldi olinib, sog’lom turmush tarzi, tibbiy madaniyat orqali aholining turli xastaliklarga chalinish xavfi kamayadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.